3 Àïð 2015

Jahon amaliyoti shuni ko’rsatadiki, qishloq xo’jaligi texnikasini ishlab chiqarish sanoatiga investitsiya qilinadigan mablag’lar, samarali moliya mablag’lari sanaladi. O’zbekistonda qishloq xo’jaligi mashinalarini ishlab chiqarish sohasi tobora faol rivojlanib bormoqda.

Buning yorqin ko’rsatkichlaridan biri esa 2010 yilda “CLAAS” jahon brendi nomi ostida texnika ishlab chiqaruvchi “Uz CLAAS Agro” MCHJ qoshma korxonasining ochilishi bo’ldi. Ikki yil mobaynida erishilgan natijalar, eksport imkoniyatlari hamda ish jarayonlarini kengaytirish muhimligi haqida korxona sanoatini rivojlantirish hamda nazorat qilish direktori Ulrix Yauert so’zlab beradi.

“CLAAS KGaAmbH” korxonasi dunyoda 14ta ishlab chiqaruvchi filiallarga ega. Markaziy Osiyo maydonida esa faqatgina bitta korxona mavjud, u ham bo’lsa, O’zbekistonda joylashgan. Nima uchun aynan O’zbekiston bozori tanlab olindi?

Ulrix Yauert: Bunday tanlovni qabul qilishning asosiy sabablaridan biri, O’zbekistonning rivojlangan agrar sohasi hamda mamlakatning yuqori iqtisodiy darajasi hisoblanadi. Markaziy Osiyo miqyosida faqatgina O’zbekistonda yengil avtomobillarni ishlab chiqarish sohasi rivojlangan, ko’plab zavod hamda fabrikalar mavjud, bunday imkoniyatlar esa “CLAAS KGaAmbH” korxonasi uchun muhim ko’rsatkichlardan biri hisoblanadi.

Ishlab chiqariladigan asbob-uskunalarning keng doirasi va bugungi kunda amalga oshiriladigan ishlab chiqarish hajmlari haqida so’zlab bersangiz.
Ulrix Yauert: Bugungi kunda bizning sanoat korxonamiz g’alla yig’uvchi kombaynlar, yer yumshatuvchi traktorlar, yem-xashakni yig’uvchi kombaynlar, presslab-yig’uvchilar va shu kabi boshqa texnikani ishlab chiqaradi, shuningdek, mini, ya’ni kichik traktorlar, frontal yuk ortgichlar hamda kesuvchilarni ishlab chiqarish rejalashtirilmoqda.

“Uz CLAAS Agro” korxonasining ikki yillik ish faoliyati ichida jami 894 dona qishloq xo’jaligi texnikasi ishlab chiqarildi. Ammo aytish kerak, ishning birinchi yilida miqdoriy ko’rsatkichlar sezilarli darajada ko’proq edi. Shunga qaramay, 2011 yil mahsulot ko’lamining kengayishi jihatidan unumdor bo’ldi. 2012 yilga esa hajmlarni kattalashtirish, xodimlar shtatini kengaytirish hamda servis xizmat jarayonlarini rivojlantirish kabi katta ishlarni amalga oshirish rejalashtirilmoqda.

CLAAS

QK o’zining O’zbekistondagi faoliyatini qachon boshlagan va avval mamlakatimizda “CLAAS” rusumli texnika bo’lganmi?
Ulrix Yauert: “CLAAS” korxonasining texnikasi O’zbekistonning bozorida deyarli 1996 yildan buyon mavjud. Ammo 2010 yilda Toshkentning traktor zavodi hamda Germaniyaning “CLAAS Central Asia Investment GmbH” konserni o’rtasida qishloq xo’jaligi texnikasini ishlab chiqaradigan “Uz CLAAS Agro MCHJ" qo’shma korxonasini tuzish to’g’risida shartnoma imzolandi.

Germaniyaning “CLAAS KGaAmbH” mashinasozlik korxonasiga kelsak, ushbu korxona Yevropa, Osiya hamda Amerikada filiallarga ega bo’lgan qishloq xo’jaligi texnikasini ishlab chiqaruvchi yirik korxona hisoblanib, jami 9 ming xodimlarni ish joylari bilan ta’minlaydi.

Ushbu ishlab chiqariladigan texnikaning savdosi faqat ichki bozorda kechadimi?
Ulrix Yauert: Yo’q, o’tgan yil mobaynida 8ta texnika birligi Qirg’iziston mamlakatiga eksport qilingan bo’lib, 2012 yilda ushbu ko’rsatkichlarni oshirish rejalashtirilmoqda.

Korxona o’z faoliyatini boshlagandan buyon O’zbekistonda nechta ish o’rinlari yaratildi?
Ulrix Yauert: O’z faoliyatini 2010 yilda boshlagan “UZ CLAAS Agro MCHJ” korxonasi faoliyatining birinchi yilidayoq 45ta ish o’rnini yaratdi, 2011 yilda esa ushbu ko’rsatkich 116taga yetdi. Joriy yilda mehnat resursini kengaytirib,150 tadan ortiq xodimlarni ish o’rni bilan ta’minlash rejalashtirilmoqda. Bundan tashqari, bugungi kunda hududiy servis markazlarini barpo qilish bo’yicha ulkan ishlar amalga oshirilmoqda, bu esa qo’shimcha ish o’rinlarini yaratish imkoniyatini yaratib beradi.

CLAAS

Servis yordam xizmatlarining rivojlanishi haqida batafsilroq ma’lumot bersangiz.
Ulrix Yauert: Servis yordam xizmatlarini o’z vaqtida amalga oshirish uchun mijozlarga yaqinroq bo’lish kerakligini tushungan edik. Korxonaning mahsulotlari O’zbekistoninng barcha viloyatlariga sotilayotganini hisobga olgan holda esa, yaqindagina o’zining markaziy ofisi hamda poytaxtda joylashgan omborxonasiga ega bo’lgan “Uz CLAAS Service MCHJ” sho’ba korxonasi ochildi. Hozir mamlakatning barcha viloyatlarida servis markazlarini yaratish bo’yicha ishlar olib borilyapti.

Bir yil ichida bunday servis markazlarni hamma viloyatlarda yaratish rejalashtirilmoqda. Ta’kidlash joizki, bu binolar soddagina ofis emas, balki servis xizmatlarning to’liq doirasini amalga oshirish imkoniyatlarni yaratib beradigan ulkan sexlar ko’rinishiga ega bo’lishi kutilmoqda. Shu bilan birgalikda, har bir servis markazi tez orada kerakli joyga yetib bora oladigan sayyor mashinalar bilan jihozlanadi. Qishloq xo’jaligi sohasida mashinalar va texnikaning bir kun ishlamasdan turishi, mablag’larni yo’qotish ekanligini yaxshi tushunamiz.

Agar bozordagi ehtiyoj ortsa, ishlab chiqarish quvvati mahsulotlarning hajmini kattalashtirishga imkoniyat yaratib beradimi?
Ulrix Yauert: Albatta, mahsulotlar hajmini osongina kengaytira olamiz, chunki korxonamizning ishlab chiqarish quvvati bunga imkoniyat yaratmoqda. Ehtiyoj taklifga qaraganda sezilarli darajada ortiq bo’lsagina, biz ishlab chiqarish asosini ham kengaytira olamiz. Chunki korxonamizning texnik maydonlari katta. 2010 yildayoq bizning sanoat korxonamiz umumiy maydoni 2,4 ming metr kvadratga teng bo’lgan sexlarga ega bo’lgan. Bugungi kunga kelib esa, ishlab chiqarish maydonlari 11 ming metr kvadratga kengaytirildi.

Bugungi kunda ishlab chiqarish hajmini kengaytirishning qay darajasi mavjud?
Ulrix Yauert: Texnikani yig’ishning birinchi pog’onasi Toshkent Traktor Zavodining ishlab chiqarish maydonlarida, SKD to’plamlarning ta’minlanishi hisobiga amalga oshiriladi. Ammo, QKni rivojlantirish tadbirkorlik rejasiga asosan, 2013 yilga kelib kengaytirish va lokalizatsiya darajasini 50% ga yetkazish rejalashtirilmoqda.

Bugungi kunga kelib, ushbu ko’rsatkich deyarli 25% ga yaqinlashdi, hozirgi paytda esa bizning korxonamiz yuqori darajali sifatga ega bo’lgan to’plamlarni ishlab chiqarish uchun barcha uskuna va imkoniyatlarga ega bo’lgan “UZelektroapparat- Elektroshit OAJ QK” bilan hamkorlikda ishlamoqda. Chunki ishlab chiqarishning kengaytirilishi va mahalliylashuvi har bir korxona uchun muhim rol o’ynashi va keng imkoniyat ochishini tushunamiz.

CLAAS

Xodimlarni o’qitish hamda ularning malakasini oshirishga qanday e’tibor qaratiladi?
Ulrix Yauert: Korxonamizda ishlab chiqarish jarayonlarining sifat nazorati ancha kuchli. Bizga tegishli barcha zavodlarimizda sifatning qat’iy normalari mavjud. Korxonamiz avtomatik ravishdagi loyihalashtirish (CAD) tizimlari uchun eng zamonaviy ish o’rinlari hamda munosib dasturiy ta’minot bilan jihozlangan. “UZ CLAAS Agro” korxonasida ishlab chiqarilgan mahsulotlarning har biri Germaniya fabrikalarida yaratilgan mahsulotlardan hech kam emasligini aytib o’tishimiz mumkin. Korxonamizdagi texnikaning yig’ish usullari ham Germaniya zavodida amalga oshiriladigan jarayonlar bilan bir xil. Shuning uchun ham, xodim va mutaxassislarimizning malakasini oshirish va ularni o’rgatish jarayonlariga katta e’tibor qaratilmoqda.

Korxonamiz salmoqli mablag’larni xodimlarning malakasini oshirish jarayonlariga sarflab bormoqda. Bu esa butun sanoat faoliyatiga ta’sir ko’rsatadigan ko’rsatkichlardan biridir. Ikki yillik ish faoliyati ichida QK xodimlarining 10%i Germaniyada ta’lim olib keldi. Biz barcha xodim-u mutaxassislarimizni malakasini oshirish uchun Germaniyaga jo’nata olmaymiz, shuning uchun ham, chet elda taxsil olgan har bir xodimimiz mamlakatimizga qaytib, olgan bilimlarini boshqalarga o’rgatish uchun maxsus ta’lim bosqichini ham o’zlashtiradilar.

“CLAAS” rusumli texnikaning ishlatish hamda kafolatli xizmat ko’rsatish muddati qancha?
Ulrix Yauert: Qishloq xo’jaligi texnikasining ish muddati hamda ularning samaradorlik darajasiga ta’sir ko’rsatuvchi bir qancha omillar mavjud. Texnikaning o’rta samaradorlik darajasi – soatiga ikki-uch gektarga teng. Kafolatlangan xizmat muddati esa bir yilni tashkil etadi. Ishlatish muddati kamida10 yilga teng bo’ladi, ammo bu ko’rsatkich ko’p tomonlama kombaynga bo’lgan texnik xizmat ko’rsatishga bog’liq. O’zbekistonda o’ninchi ish mavsumida ishlayotgan texnikaga guvoh bo’lib, uning a’lo holatda ekanligini ko’rdim. Shu bilan birga, atigi ikki mavsumgina ishlab, bu ikki mavsum ichida metallolomga aylangan texnikani ham ko’rdim. Shuning uchun ham ko’p omillar ish shart-sharoitlari hamda ishlatish jarayonlariga bog’liq bo’ladi.

 “UZ CLAAS Agro” korxonasi mahsulotlarining asosiy foydalanuvchilari kim? Texnikaning yuqori narxlarini hisobga olgan holda, xarid usulining eng keng tarqalgan turi qaysi?
Ulrix Yauert: Asosiy xaridorlarimiz qatoriga barcha viloyatlardagi mashina traktor turargohlari hamda fermerlik xo’jaliklarini kiritishimiz mumkin. Qishloq xo’jaligidagi yuqori sifatga ega bo’lgan texnika – arzon mahsulot emas. Shuning uchun ham xaridorlar, og’ir texnikani xarid qilishda tijorat bankiga kredit olish uchun murojaat qilishadi, yoki lizing shartlari orqali xarid qilishlari mumkin. Ushbu ishni amalga oshirish uchun esa xaridor, bizning

“Qishloqmashlizing ALK” hamkorimiz bilan shartnoma tuzadi, so’ng texnika narxining 15%li boshlang’ich to’lovini amalga oshirib, texnikani qo’liga qabul qiladi. Qolgan 85% ni esa xaridor, 10 yil ichida 5% li ustama bilan to’lashi mumkin. Aynan lizing shartlari asosidagi xaridlar bizning qishloq xo’jaligi mashinalarini sotib olishda eng mashhuri hisoblanadi.

Kommersant.uz

Taqdim etilgan modellarning qo'shimcha tavsiflari (tasniflari) bilan katalogda tanishishingiz mumkin.